“Moliya” kafedrasi – “Kitob ulash” aksiyasining ishtirokchisi
2019-yil 26-aprel kuni Toshkent moliya instituti “Moliya” kafedrasining bir guruh professor-oʻqituvchilari Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Kitob ulash” aksiyasi doirasida Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan va kafedra bilan oʻquv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda hamkorlik qilib kelayotgan 9-Ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabiga tashrif buyurdilar hamda maktab oʻquvchilariga 60dan ortiq badiiy va ilmiy kitoblar va bolalar adabiyoti namunalarini topshirdilar.
Tadbirda “Moliya” kafedrasi mudiri prof. T.Malikov, institut Murabbiylar kengashi raisi U.Pajabov, 9-IDUM direktori M.Maqsudbekova, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari J.Samiyev, kafedra professor-oʻqituvchilari va 40 nafarga yaqin yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqan prof. T.Malikov kitobxonlikning yoshlar tarbiyasidagi oʻrni, yoshlarning ma’naviy shakllanishida kitob mutolaasi va kitobga boʻlgan muhabbatning ahamiyati toʻgʻrisida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi, ustozning dilkash suhbatlari oʻquvchi-yoshlarni kitob oʻqish va bilim olishga ragʻbatlantirdi.
Maktab direktori M.Maqsudbekova Toshkent moliya instituti rektori nomiga “Moliya” kafedrasi professor-oʻqituvchilari tomonidan maktab kutubxonasiga taqdim etilgan kitoblar uchun maktab ma’muriyati nomidan tashakkurnoma taqdim etdi hamda mazkur aksiyani qoʻllab-quvvatlagan barcha ustozlarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.